
Birlashgan Arab Amirliklari Eronni raketa va dronlar yordamida mamlakat hududiga hujum qilishda aybladi. Hodisa oqibatida Fujayradagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqib, uch nafar Hindiston fuqarosi jarohatlangan. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Ushbu voqea AQSh va Eron o‘rtasida 8-aprel kuni erishilgan sulhdan keyingi birinchi yirik to‘qnashuv hisoblanadi. BAA Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kun davomida Erondan uchirilgan 12 ta ballistik raketa, 3 ta qanotli raketa va 4 ta dron havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan. BAA Tashqi ishlar vazirligi bu holatni keskin qoralab, javob qaytarish huquqini saqlab qolishini ta’kidladi.
Eron tomoni BAAning ayblovlarini rad etmoqda. IRIB davlat telekanali harbiy manbaga tayanib, oldindan rejalashtirilgan hujum bo‘lmaganini va voqeada AQSh harbiylari javobgar ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Tasnim axborot agentligi BAA o‘ylamasdan harakat qilsa, uning manfaatlari nishonga olinishidan ogohlantirdi.
«Odamlar bu yerda qattiq xavotir va g‘azabda, lekin ular unchalik hayratda emas», – dedi Dubayda faoliyat yurituvchi jurnalist Natasha Turak vaziyatni izohlar ekan.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida BAA Ta’lim vazirligi mamlakatdagi barcha davlat va xususiy maktablarni juma kuniga qadar masofaviy o‘qitish tizimiga o‘tkazishini e’lon qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron urushining haqiqiy xarajati qanchaligi haqida xabar bergan edi.