
Jismoniy shaxslarning oʻz bank kartalari oʻrtasidagi pul o‘tkazmalar komissiyasiz amalga oshirilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimotda shu masaladagi taklif bildirildi.
Taqdimotda tijorat banklari balansida qiymati 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta mol-mulk mavjud ekani qayd etildi. Ushbu aktivlarni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarish maydonlariga aylantirish bo‘yicha alohida mexanizmlar ishlab chiqilishi belgilandi.
Shuningdek, 2021 – 2025-yillarda amalga oshirilgan qariyb 17 mingta investitsiya loyihasi natijalari tahlil qilindi. Ayrim korxonalar o‘z faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirmayotgani aniqlanib, har bir loyihani alohida o‘rganish va hisobotlarni to‘g‘ri yuritishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Raqamlashtirish va naqd pulsiz to‘lovlar yo‘nalishida ham qator tashabbuslar ko‘rib chiqildi. Jumladan, jismoniy shaxslarning bank kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish imkoniyatini yaratish, keshbek tizimini takomillashtirish, bank xizmatlari va to‘lov tizimlarida qulayliklarni oshirish zarurligi qayd etildi. Shu bilan birga, xavfsizlikni ta’minlashda qo‘llanilayotgan SMS-xabarnomalar xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish va muqobil raqamli yechimlardan foydalanish taklif qilindi.
Soliq ma’murchiligi va tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish masalalarida ham muhim takliflar ilgari surildi. Import jarayonidagi takroriy hujjatlarni qisqartirish, xorijda savdo uylari ochish tartibini yengillashtirish hamda milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev kompaniya nomi yozilgan peshlavhalar reklama hisoblanmasligi haqida ta’kidlagan edi.