Avto

Chevrolet Equinox avtomobilining tormoz tizimi yangilanadi

Kompaniya muammoni hal qilishda tormoz tizimi boshqaruv modulini qayta dasturlashni taklif etmoqda
Chevrolet Equinox
Foto: GMAuthority

General Motors tomonidan e’lon qilingan servis byulletenga ko‘ra, 2025 – 2026-yillarda ishlab chiqarilgan ayrim Chevrolet Equinox EV avtomobillarida tormoz tizimi bilan bog‘liq dasturiy nosozlik aniqlangan. Gap mexanik muammo haqida emas, balki tormoz boshqaruv moduli ishlashidagi xatolik haqida bormoqda, deya yozadi GMAuthority nashri.

Unga ko‘ra, ayrim holatlarda, ayniqsa, past tezlikda ABS tizimi ishga tushganda va mashina tekis yo‘ldan notekis yo‘lga o‘tganda, tormoz samaradorligi vaqtincha pasayishi mumkin. Bu esa haydovchi uchun noqulaylik tug‘dirishi ehtimoli bor.

Kompaniya muammoni hal qilishda tormoz tizimi boshqaruv modulini qayta dasturlashni taklif etmoqda. Yangilanish ko‘p hollarda avtomatik tarzda, ya’ni OTA orqali o‘rnatiladi. Shuning uchun haydovchilarga servis markaziga borish shart bo‘lmasligi mumkin. Shu bilan birga, xohlovchilar rasmiy dilerlarga murojaat qilib, yangilanishni joyida o‘rnatishlari ham mumkin.

Ushbu holat rasmiy chaqirib olish kampaniyasi hisoblanmaydi, balki servis yangilanishi sifatida joriy etilgan. Jarayon tez bajariladi va odatda yarim soatdan kam vaqt oladi. Byulleten 2028-yil 31-maygacha amal qiladi. Mutaxassislar avtomobil egalariga ehtiyot chorasi sifatida yangilanishni tekshirtirib qo‘yishni tavsiya etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2027-yilgi Chevrolet Blazer EV ranglari yangilangani haqida yozgandi.