
O‘zbekistonda endilikda ish haqida kechiktirilganda kompensatsiya to‘lash tartibiga aniqlik kiritiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamalaridan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatning asosiy maqsadi – ishga joylashish jarayonini yengillashtirish, ortiqcha rasmiyatchiliklarni kamaytirish hamda xodimlar huquqlarini yanada kuchli himoya qilishdan iborat.
Muhokamalarda ta’kidlanishicha, yangi tartiblar ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtiradi hamda jarayonlarni tezlashtiradi. Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishdagi byurokratik bosqichlarni qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, ishga qabul qilishda talab qilinadigan hujjatlar soni sezilarli darajada kamaytiriladi. Endilikda asosiy talab sifatida fuqarolarning shaxsiy identifikatsiya raqami yetarli bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Harbiy xizmatga aloqador shaxslar esa tegishli guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi hujjatni taqdim etadi.
Shuningdek, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi keyingi bosqichlarda ham ko‘rib chiqilishi va takomillashtirilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagani haqida yozgandi.