
Kia kompaniyasi XCeed kross-xetchbek modelining ikkinchi restaylingini amalga oshirib, uni zamonaviy dizayn va yangilangan texnik yechimlar bilan taqdim etdi. Bu haqda Carscoops nashri ma’lum qildi.
Kia XCeed yangilangan versiyasi tashqi ko‘rinishda brendning yangi elektromobil dizayn tiliga yaqinlashtirilgan. Model EV3 va yangilangan Stonic uslubida ishlab chiqilgan bo‘lib, vertikal LED faralar, toraytirilgan radiator panjarasi, yangi old bamper hamda qayta ishlangan orqa qismga ega bo‘ldi. Orqa bamper yanada ifodali ko‘rinishga keltirilib, himoya plastinasi imitatsiyasi bilan to‘ldirilgan.

Avtomobil salon qismida ham sezilarli yangilanishlar amalga oshirilgan. XCeed’ga ikki dona 12,3 dyuymli ekrandan iborat raqamli kokpit o‘rnatilgan. Ichki dizaynda yangi old panel, soddalashtirilgan ventilyatsiya tizimi va qayta ishlangan boshqaruv elementlari qo‘llanilgan. Shuningdek, model yangi ikki spokli rul va yangilangan markaziy konsol bilan jihozlangan.
Texnik jihatdan Kia XCeed’da benzinli dvigatellar hamda «yengil» gibrid tizimlar saqlanib qolishi tasdiqlangan. Bundan tashqari, plug-in gibrid versiyasi ham taklif etilishi ehtimoli bor. Ishlab chiqaruvchi qayta ishlangan osma tizimi orqali yurish qulayligi yaxshilanganini ma’lum qilgan.

Yangilangan XCeed avtomobilini seriyali ishlab chiqarish 29-may kuni Slovakiyaning Jilina shahridagi zavodda boshlanadi. Model Yevropa bozorida yaqin haftalarda sotuvga chiqarilishi kutilmoqda, biroq narxlar hozircha e’lon qilinmagan.
Eslatib o’tamiz, avvalroq Kia K8 avtomobili qanday imkoniyatlar bilan yangilangani haqida yozgan edik.