Yangiliklar

Kompaniya nomi yozilgan peshlavhalar reklama hisoblanmaydi — prezident

Bu tadbirkorlarga ortiqcha ma’muriy va moliyaviy yuk bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi
Kompaniya nomi yozilgan peshlavhalar reklama hisoblanmaydi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev reklama peshlavhalariga oid tartiblarni soddalashtirish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Bu haqda davlat rahbari ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yengillashtirish hamda reklama va axborot belgilariga oid amaldagi tartiblarni soddalashtirish bo‘yicha taqdim etilgan takliflar taqdim qilindi. Unda korxonalar uchun qo‘shimcha yuk bo‘layotgan ayrim ma’muriy talablarni qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi.

Xususan, amaldagi tartibga ko‘ra, korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ayrim hollarda reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlar undirish amaliyoti mavjud ekani qayd etildi. Bu holat tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajat va ortiqcha ma’muriy yuk bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risidagi axborotni reklama sifatida baholamaslik hamda bunday peshlavhalar uchun alohida rasmiylashtirish tartibini bekor qilish taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, reklama va axborot belgilarini joylashtirish bo‘yicha dizayn talablarini bosqichma-bosqich va tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda joriy etish zarurligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar uchun tashqi reklama pasportini olish tartibi belgilangan edi.