Lifestyle

2026-yilda sochlar uchun trenddagi ranglar qaysilar

Eng zamonaviy obraz — bu bo‘yalgani bilinmaydigan sochdir
sochlar uchun trend ranglar
Foto: Getty Images

2026-yilda soch bo‘yash modasi keskin o‘zgarishlardan ko‘ra, soddalik va tabiiylikka yaqinlashmoqda. Endi asosiy maqsad — sochga shunchaki rang berish emas, balki uni maksimal darajada tabiiy ko‘rinishga olib kelishdir.

Stilistlar fikricha, eng zamonaviy obraz — bu bo‘yalgani bilinmaydigan sochdir. Ranglar orasidagi o‘tishlar deyarli sezilmaydi, soch ildizi o‘sib chiqqanda ham umumiy ko‘rinish buzilmaydi.

Foto: Getty Images

Yangi mavsumda rang tanlashda iliq va yumshoq tuslar ustunlik qiladi. Qahva va shokolad ranglari yana trendga chiqib, sochga chuqurlik va tabiiy jilva bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, asal, karamel va oltin ranglar yuzni yorqinroq ko‘rsatib, umumiy obrazga iliqlik qo‘shadi. Mis ranglar ham o‘z o‘rnini saqlab qoladi, ammo bu safar ular juda yorqin emas, balki bosiq va tabiiy ko‘rinishda bo‘ladi. Blond ranglar esa keskin sovuq platina uslubidan voz kechib, iliq, bej va krem tuslarga o‘tadi.

Texnikalar ham ancha soddalashadi. Ranglar orasidagi chegaralar yo‘qolib, ular bir-biriga juda yumshoq aralashadi. Natijada sochda tabiiy gradient paydo bo‘ladi. Yuz atrofidagi tolalarni biroz ochartirish esa obrazni yangilab, teriga fresh effekt beradi. Umuman olganda, 2026-yil bo‘yash uslublari quyoshda tabiiy ravishda ochilgandek ko‘rinishni yaratishga qaratilgan.

Foto: Getty Images

Shu bilan birga, sun’iy va haddan tashqari yorqin ko‘rinishlar modadan chiqmoqda. Neon ranglar, keskin kontrastlar va sovuq platina blond endi aktual emas. Yashirin bo‘yash uslublari ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Buning o‘rniga stilistlar tabiiylik, nafislik va qulay parvarishga urg‘u bermoqda.

Xulosa qilib aytganda, 2026-yil soch bo‘yash modasi soddalikni yangi darajaga olib chiqadi. Eng yaxshi tanlov — bu sizga mos keladigan, lekin ko‘zga sun’iy ko‘rinmaydigan rangdir. Tabiiylik endi oddiylik emas, balki zamonaviy uslubning eng yuqori ko‘rinishi hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan uy sharoitida sochni jingalak qilish usullari haqida yozgandi.