
Abdulla Abdisalamovich Azizov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ushbu tayinlovga qadar Abdulla Azizov Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Yangi lavozimga tayinlanishi munosabati bilan Azizov avvalgi lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Agentlik huzurida «Health Invest» kompaniyasi yaratilishi ham rejalashtirilgan. Ushbu tuzilmalar investitsiya loyihalarini shakllantirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va investorlar bilan ishlashni muvofiqlashtiradi.