Yangiliklar

Uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz qattiq adashasiz — Yulduz Usmonova yahudiylarga javob qaytardi

Bruklindagi teatrda o‘tishi rejalashtirilgan konsert mahalliy siyosatchilar va yahudiy jamoasi bosimi ostida bekor qilindi
Foto: Instagram / Yulduz Usmonova

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9-may kuni Nyu-York shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti yahudiy jamoasi vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bunga «Primadonna» ijtimoiy tarmog‘i orqali munosabat bildirdi.

Konsert dasturi atrofidagi ziddiyatlar fonida Yulduz Usmonova Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali videomurojaat yo‘llab, chiptalar to‘liq sotilganini ta’kidladi va uzr so‘rash talabini qat’iyan rad etdi.

«Agar siz yahudiylar, sionistlar, uzr so‘raydi deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, qattiq adashasiz. Men zo‘ravonlikka qarshiman. Falastin har doim ozod bo‘lishi kerak, bu ularning yeri. Siz qadimiy xalq bo‘lishingiz mumkin, lekin Isroil yangi davlat. Amerika Isroil emas. Shuning uchun o‘zingizni xo‘jayin deb hisoblamang. Deyarli butun dunyoning o‘z egalari bor va ular siz emas», – dedi xonanda o‘z murojaatida.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/3889876239130979608.mp4

U, shuningdek, xalqaro maydondagi vaziyatga to‘xtalib, faollarning xatti-harakatlarini tanqid qildi.

«Siz butun dunyoni o‘zingizga qarshi qilib qo‘ydingiz. Bizni ham o‘zingizga qarshi qilib qo‘yyapsiz. Tushunyapsizmi? Siz yana bir bor o‘z yuzingizni ko‘rsatdingiz. Sizdan hech qachon hech kim kechirim so‘ramaydi. Chunki sizlar zo‘ravonsizlar», – deya ta’kidlagan san’atkor o‘zining diniy va milliy qadriyatlarini hurmat qilishini qo‘shimcha qilib.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/aqntk25altpmwrk4fa1bu_siyeq_jqgfb1kctghzig_zhhj7vrrz23ybwww_e9s-1.mp4

Ma’lumot o‘rnida, mazkur tadbir Brighton Beach hududida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi. Ayni sana Holokost qurbonlarini xotirlash kuniga to‘g‘ri kelishi va xonandaning 2021-yilda Isroil – Falastin mojarosi vaqtida Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlagani ayrim yahudiy siyosatchilarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Foto: Facebook

Norozilik kampaniyasiga Nassau okrugi ijrochi rahbari hamda Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga nomzod Bryus Bleykman, shtat Assambleyasi a’zolari Maykl Novakhov va Alek Bruk-Krasni kabi shaxslar boshchilik qilgan. Siyosatchilar xonandani omma oldida uzr so‘rashga chaqirgan, biroq bu taklif rad etilgach va namoyishlar o‘tkazilgach, teatr ma’muriyati konsertni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Foto: Facebook / Oceana Theater

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yulduz Usmonova va Ozoda Nursaidova duet kuylashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.