Yangiliklar

Matiz’da 14 nafar bolani olib ketayotgan haydovchi avariya oqibatida vafot etdi

Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi esa turli darajadagi jarohatlar bilan tibbiyot muassasasiga yetkazilgan
Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Navoiy viloyatining Nurota tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, bir nechta voyaga yetmagan bolalalar jarohatlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/video_2026-05-06_15-51-55.mp4
Video: Ijtimoiy tarmoqlardan olindi

Unga ko‘ra, hodisa 5-may kuni «Yangi hayot» MFY hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatdagi yo‘lning 8–9-kilometr oralig‘ida yuz bergan. 1992-yilda tug‘ilgan haydovchi Matiz rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Tajribasizlik va chalg‘ish oqibatida u rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning chap tomoniga chiqib ketgan va transport vositasi ag‘darilgan.

Oqibatda haydovchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan. Avtomobilda bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi esa turli darajadagi jarohatlar bilan tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.

Aniqlanishicha, haydovchi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Bolalarning yengil avtomobilda qoidalarga zid tarzda tashilgani, shuningdek, bu holatga ota-onalar tomonidan yetarli e’tibor berilmagani qayd etilmoqda.

Hozirda mazkur hodisa yuzasidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Damas’da 23 bolani tashigan haydovchiga chora ko‘rilgani haqida yozgandi.