
Apple kompaniyasi foydalanuvchilarga uchinchi tomon sun’iy intellekt modellarini tanlash huquqini taqdim etadi. Ushbu imkoniyat iOS 27 doirasida amalga oshiriladi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
iOS 27 tizimida bu funksiya Extensions deb ataladi. U foydalanuvchilarga qurilma sozlamalari orqali Apple Intelligence tizimini quvvatlantiruvchi SI xizmatlarini mustaqil tanlash imkonini beradi. Dasturchilar o‘z SI modellarini App Store ilovalari orqali tizimga moslashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, Apple hozirgacha ichki sinovlarda Alphabet tarkibidagi Google hamda Anthropic kompaniyalari bilan integratsiyani tekshirib ko‘rgan. Shuningdek, Google kompaniyasining Gemini modeli shu yili yangilanadigan Siri yordamchisini quvvatlantirishi kutilmoqda.
Mazkur qadam Apple kompaniyasining SI sohasida ilgariroq harakat qilayotgan Alphabet va Microsoft kabi raqobatchilarga yetib olish istagi bilan izohlanmoqda. Iyun oyida bo‘lib o‘tadigan dasturchilar konferensiyasida kompaniya o‘zining SI borasidagi rejalari haqida batafsil ma’lumot beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Caviar 22 ming dollarlik iPhone 17 Pro kolleksiyasini namoyish etgani haqida xabar bergan edi.