
Kursiv Uzbekistan 6-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Toshkent «Brodveyi» yangilanadi

Toshkent «Brodveyi» — Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks yangilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Loyiha doirasida Sayilgoh ko‘chasi, xiyobonlar, yashil hududlar, piyodalar yo‘laklari va boshqa infratuzilma obyektlari bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinadi.
Toshkent hokimligi ma’lum qilishicha, loyihada piyodalar yo‘laklari va qoplamalari yangilanadi, yoritish tizimi modernizatsiya qilinadi, favvoralar ta’mirlanadi hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, yangi o‘rindiqlar, chiqindi qutilari va boshqa kichik infratuzilma elementlari o‘rnatiladi. Videokuzatuv tizimlari ham joriy qilinadi. Hududdagi noqonuniy qurilmalar olib tashlanadi, reklama va peshlavhalar yagona dizayn talablari asosida tartibga solinadi. Mutaxassislar mavjud daraxtlarni ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Bundan tashqari, kamida ming tup yangi daraxt va manzarali o‘simlik ekilishi rejalashtirilgan.
Qatar Airways’da ishlash uchun 65 nafar o‘zbekistonlik tanlab olinadi

Qatar Airways’da ishlash uchun 65 nafar o‘zbekistonlik tanlab olinadi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi vakillari Doha shahrida mehnat migratsiyasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qatar mehnat vaziri Ali bin Saeed bilan muzokaralarda tibbiyot, turizm, aviatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida talab yuqori ekani muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda Qatar standartlari asosida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
41 nafar fuqaro Erondan O‘zbekistonga qaytarildi

O‘zbekistonlik bir guruh vatandoshlar Eron hududidan Turkmaniston orqali tranzit tarzda vatanga olib kelindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Ashxobod va Tehron shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalar Turkmaniston idoralari bilan hamkorlikda barcha tashkiliy masalalarni qisqa muddatda hal qilgan. Natijada 41 nafar fuqaro chegaradagi maxsus punktlarda kutib olinib, ularning xavfsiz ravishda uyiga yetib kelishi ta’minlangan.
Rasmiylar ta’kidlashicha, xorijdagi har bir O‘zbekiston fuqarosining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
AQSh va Eron urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga yaqinlashmoqda — manba

AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlash hamda yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga asos yaratuvchi memorandum imzolanishi arafasida turibdi. Bu haqda Axios nashri manbalarga tayanib xabar bermoqda.
14 banddan iborat memorandum loyihasi AQSh maxsus vakillari Stiv Uitkoff hamda Jared Kushner tomonidan Eron rasmiylari bilan kelishilmoqda. Hujjatda urushni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish, sanksiyalarni bekor qilish va Eron bandargohlari qamalini olib tashlash bo‘yicha 30 kunlik muzokaralar boshlanishi nazarda tutilgan.
Muzokaralar Islomobod yoki Jenevada o‘tkazilishi kutilmoqda va jarayon to‘xtab qolsa, AQSh harbiy harakatlarni qayta tiklash huquqini saqlab qoladi. Kelishuvga ko‘ra, Eron yadro qurolidan voz kechishi, yuqori darajada boyitilgan uranni mamlakatdan olib chiqishi va BMTning rejadan tashqari tekshiruvlariga rozi bo‘lishi talab etiladi. Buning evaziga AQSh sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishi hamda muzlatilgan mablag‘larni qaytarishi belgilangan.
«Arsenal» YChL finalida. Londonliklar «Atletiko»ni minimal hisobda mag‘lub etdi

Londonda bo‘lib o‘tgan UEFA Chempionlar ligasi yarim finalining javob uchrashuvida «Arsenal» Madridning «Atletiko» klubini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Ispaniyadagi dastlabki bahsda 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lib, umumiy natijaga ko‘ra London klubi finalga yo‘l oldi.

Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi. Birinchi bo‘lim so‘ngida «Arsenal» hujumchisi Viktor Gyokerish darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borib, to‘pni Leandro Trossardga oshirdi. Trossardning zarbasidan so‘ng darvozabondan qaytgan to‘pni Bukayo Saka golga aylantirdi. Diego Simeone shogirdlarining hisobni tenglashtirishga qaratilgan urinishlari London klubining ishonchli himoyasi sababli besamar yakunlandi.
Rossiyada antidepressantlar savdosi 34 foizga oshdi

Rossiyada 2026-yilning dastlabki uch oyida antidepressantlar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pul hisobida 34 foizga oshdi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.
2026-yilning birinchi choragida antidepressantlar savdosi hajmi 2025-yilning shu davriga nisbatan o‘ramlarda 22 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, xavotir va qo‘rquvni kamaytiruvchi anksiolitik preparatlar savdosi 4,8 mln o‘ramni tashkil qilib, ularning qiymati 2,6 mlrd rublga ($34,4 mln) yetgan. Anksiolitiklar savdosi hajmi 1 foizga kamaygan bo‘lsa-da, pul hisobida 11 foizga o‘sgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarmida rossiyaliklar qiymati qariyb 9 mlrd rubl ($119,2 mln) bo‘lgan 11 mlndan ortiq o‘ram antidepressant xarid qilgan. Shuningdek, xuddi shu davrda 9,3 mlndan ortiq o‘ram anksiolitik preparatlar sotilgan. Dori vositalariga bo‘lgan talab barqaror ravishda oshib bormoqda.
Bu qanday sharmandalik — Nikolas Maduro «Barselona»ning Chempionlar ligasidagi ishtiroki haqida

AQSh qamog‘ida saqlanayotgan Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro o‘g‘li bilan ilk bor telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida sobiq davlat rahbari Kataloniyaning «Barselona» klubi Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan qattiq g‘azablangan. Bu haqda El Pais nashri xabar bermoqda.
Muloqot davomida Maduro avvalo oilasi, Milliy Assambleya va mamlakatdagi oziq-ovqat holati haqida so‘ragan. Shundan so‘ng u o‘g‘lidan qiziqish bilan «Barselona»ning Chempionlar ligasidagi natijalari haqida so‘ragan. O‘g‘li esa klub musobaqaning chorak finalida «Atletiko»ga yutqazgani haqida aytgan.
«Jin ursin, bu qanday sharmandalik», – deya munosabat bildirgan sobiq prezident o‘z g‘azabini yashirmay.
O‘zbekistonda 1 kg palov tayyorlash uchun qancha xarajat ketadi

2026-yilning aprel oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 1 kg palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha qiymati hisoblab chiqildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Qo‘mita hisobotiga ko‘ra, palov tayyorlash uchun eng yuqori xarajat Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, u 122,5 ming so‘mni tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinlarni Farg‘ona (120,2 ming so‘m) va Samarqand (118 ming so‘m) viloyatlari egallagan. Eng arzon ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida 102,2 ming so‘m etib belgilangan.