
Osiyo taraqqiyot banki va ACWA Power tomonidan Buxoro viloyatida quvvati 300 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini barpo etish uchun jami $116 million ajratiladi. Bu haqda bankning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Moliyalashtirish paketi bir nechta manbadan shakllantiriladi, Jumladan, OTB tomonidan ajratiladigan kreditlar, tijorat banklari mablag‘lari hamda infratuzilmani rivojlantirish fondi hissasi. Bank loyiha doirasida nafaqat investor, balki ekologik va ijtimoiy standartlar bo‘yicha ham muvofiqlashtiruvchi sifatida ishtirok etadi.
Bash-2 deb nomlangan ushbu loyiha avval amalga oshirilgan shamol energetikasi dasturining davomi bo‘ladi. Stansiya tarkibiga 39 ta zamonaviy shamol turbinalari kiradi, ularning har biri yuqori quvvatda elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Shuningdek, yangi podstansiya va elektr uzatish liniyalari qurilishi ham rejalashtirilgan.
Loyiha O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishini tezlashtiradi, elektr tizimi barqarorligini oshiradi va karbon chiqindilarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qurilish bosqichida yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ekspluatatsiya davrida esa doimiy ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB Pan-Osiyo energetika tizimi uchun $50 mlrd safarbar qilishi haqida yozgandi.