Yangiliklar

Endi qurilish obyektlariga majburiy kuzatuv kameralari o‘rnatiladi

Qurilish materiallari sifatini nazorat qilish tizimi ham kuchaytiriladi
Endi qurilish obyektlariga majburiy kuzatuv kameralari o‘rnatiladi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Shavkat Mirziyoyev qurilish obyektlari ustidan nazoratni kuchaytirish va noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Unda sohadagi xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yirik qurilish maydonlariga kuzatuv kameralari o‘rnatilishi ma’lum qilindi.

Amaliyotda qurilish maydonlariga kuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish tizimi hali to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois birinchi bosqichda qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan ijtimoiy obyektlar, ko‘p qavatli uylar, yirik savdo va sanoat inshootlari, mehmonxona hamda turizm majmualariga kameralar o‘rnatish taklif etildi.

Bu tizim orqali qurilish jarayonida loyihadan chetga chiqish holatlarini erta aniqlash, ishchilar hisobini aniq yuritish, mehnat xavfsizligini nazorat qilish hamda yashirin iqtisodiyot va «konvert» usulidagi norasmiy to‘lovlarni kamaytirish imkoniyati kengayadi.

Shuningdek, qurilishda texnik va mualliflik nazorati samaradorligini oshirish masalasi ham muhokama qilindi. 2025-yilda nazoratchilar tomonidan 42 mingta kamchilik aniqlangan bo‘lsa, davlat inspeksiyasi tomonidan qo‘shimcha 250 mingdan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgani bu yo‘nalishda tizimli yondashuvni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan «Shaffof qurilish» platformasida nazoratchilar uchun reyestr va reyting tizimini joriy etish taklif etildi. Ularning faoliyati masofadan monitoring qilinadi, hujjatlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Reytingi past mutaxassislar qayta tayyorlovga yuboriladi, yuqori natija ko‘rsatganlarning sertifikat muddati esa uzaytiriladi.

Bundan tashqari, qurilish materiallari sifatini nazorat qilish tizimi ham kuchaytirilmoqda. Har bir qurilish materiali nazorat.mc.uz platformasida elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladi va sifatni tasdiqlovchi hujjatlar majburiy ravishda tizimga yuklanadi. Sifatsiz materiallardan foydalanish holatlariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif etildi.

Laboratoriya sinovlarini tezkor amalga oshirish maqsadida uzoq hududlarda ko‘chma qurilish-sinov laboratoriyalarini tashkil etish ham rejalashtirilmoqda. Bu sinovlarni tezkor o‘tkazish va qurilish sifatini muntazam nazorat qilish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, xuddi o‘sha yig‘ilishda qurilish sohasida ruxsat berish jarayonlari tubdan soddalashtirish va inson omilini qisqartirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan edi.