Yangiliklar

O‘zbekistonlik hamshiralar uchun Italiyada ishlash dasturi yo‘lga qo‘yildi

Nomzodlar avvalo Perugia universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida tahsil oladi
Oliygohlarda hamshiralik yo‘nalishi bo‘yicha kvotalar ikki barobar oshiriladi
Foto: Getty Images

O‘zbekistondagi oliy ma’lumotli hamshiralarga Milan shahrida ishlash uchun yangi dastur e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Dasturga ko‘ra, nomzodlar avvalo Perugia universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida tahsil oladi. Ta’lim jarayoni onlayn shaklda 7 oy davom etadi va ishtirokchilar uchun qulay jadval asosida olib boriladi. Muhimi, o‘qish xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi.

Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar Italiyada tibbiyot sohasida ish bilan ta’minlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ish haqi o‘rtacha 1800 yevroni tashkil etadi. Dastur allaqachon ishga tushirilgan bo‘lib, dastlabki qatnashchilar Yevropa tibbiyot standartlari asosida bilim va ko‘nikmalarni egallashga kirishgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik shifokor va quruvchilar Saudiya Arabistoniga ishga jalb etilishi haqida yozgandi.

Bundan tashqari, xususiy klinikalar qurish uchun $200 mlnlik imtiyozli kredit liniyasi ochilishi haqida ham xabar berilgandi.