Yangiliklar

Nurobodda 50 ming gektarlik pista plantatsiyalari barpo etiladi

2026–2036-yillar davomida
Nurobodda 50 ming gektarlik pista plantatsiyalari barpo etiladi / Foto: Growing the walley

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 50 ming gektarlik hududda pista plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha keng qamrovli loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2026–2036-yillar davomida tumanda jami 50 ming gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil etish rejalashtirilgan. Joriy yilning o‘zida 5 ming gektar maydonda intensiv plantatsiyalar barpo etish, suv ta’minoti infratuzilmasini yaratish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan. Bahorgi mavsumda esa 252 gektarda ko‘chatdan, 290 gektarda urug‘dan pista ekilgan.

Loyihaning dastlabki bosqichida 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agrotexnik talablar asosida pista daraxtlari 6–7 yilda hosilga kiradi, 12-yildan boshlab esa yuqori hosildorlikka erishiladi. Ayni paytda «Yashil loyiha» loyihalash instituti tomonidan hududda tuproq va iqlim sharoitlari o‘rganilib, ekish sxemalari ishlab chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyi barpo etilishi haqida xabar qilgan edik.