
Osiyo taraqqiyot banki 2035-yilgacha Pan-Osiyo energetika tizimini rivojlantirish uchun $50 mlrd jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida OTB Prezidenti Masato Kanda ma’lum qildi.
Kandaning aytishicha, loyiha Osiyo va Tinch okeani mintaqasida energiya xavfsizligini mustahkamlash, xarajatlarni kamaytirish va elektr ta’minoti barqarorligini oshirishga xizmat qiladi. Bank yangi Pan-Osiyo energetika tashabbusi orqali mamlakatlar o‘rtasidagi elektr energiyasi savdosini rivojlantirishni maqsad qilgan.
OTB hisob-kitobiga ko‘ra, 2035-yilgacha 20 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya tizimga integratsiya qilinadi. Shuningdek, 22 ming kilometr elektr uzatish liniyalari quriladi.
Loyiha doirasida 200 mln aholining energiyaga kirish imkoniyati yaxshilanadi va 840 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
OTB hukumatlar, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan birga normativ to‘siqlarni kamaytirish hamda infratuzilma loyihalarini tezlashtirish ustida ishlaydi.
Bank avval ham Bangladesh va Hindiston energetika tizimlarini bog‘lash hamda Laosdagi Monsoon Wind Power shamol elektr stansiyasi kabi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston OTBning «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Osiyo taraqqiyot bankining «Osiyo uchun raqamli magistral» tashabbusiga qo‘shilishini ma’lum qildi va uning mintaqaviy markazini Toshkentda ochishni taklif etdi.