Yangiliklar

Oylik maosh 3 ming yevrogacha: Germaniya transport va logistika sohasida ish o‘rinlari taklif etmoqda

Jami 50 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud
Germaniyaning APAL Ausbildung dasturiga qabul boshlandi
Germaniya transport va logistika sohasida ish o‘rinlari taklif etmoqda / Foto: iStock

Germaniyada transport va logistika sohasida malakali mutaxassislar uchun yangi ish imkoniyatlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

«Talantum Group xususiy bandlik agentligi» ma’lumotiga ko‘ra, Germaniyaning Myunxen shahrida uzoq muddatli mehnat shartnomasi asosida ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Loyihaga muvofiq, jami 50 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Taklif etilayotgan lavozimlar orasida lokomotiv mashinisti, xom-ashyo yuklash operatori hamda ombor logistika xodimi kabi yo‘nalishlar bor. Oylik maosh 2 – 3 ming yevro miqdorida belgilangan.

Nomzodlarga qo‘yilgan talablar orasida 20–45 yosh oralig‘i, soha bo‘yicha o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot hamda ish tajribasi mavjud bo‘lishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, nemis tilini A2 dan B2 darajagacha bilishi (lavozimga qarab) talab etiladi. Ishga jo‘nab ketish muddati 9–12 oy oralig‘ida rejalashtirilgan. Turar joy ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi, oziq-ovqat xarajatlari esa ishchi hisobidan qoplanadi.

Ma’lumot uchun, viza, aviachipta va diplomni tan oldirish xarajatlari nomzod tomonidan to‘lanadi. Biroq ish boshlanganidan so‘ng ushbu xarajatlarning bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilgan edi.