
O‘zbekiston Jazoirda ilk bor o‘z elchisini tayinladi. Mansurbek Qilichev ushbu davlatdagi elchi sifatida faoliyat boshladi va Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. Xususan, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish hamda turli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Jazoir tomoni mavjud hamkorlik salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotganini qayd etib, ayniqsa sanoat, farmatsevtika va to‘qimachilik yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Afrika bozoriga chiqish imkoniyatlari ham alohida qayd etildi.
Muzokaralarda ta’lim, sog‘liqni saqlash va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Tomonlar yaqin istiqbolda amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, Mansurbek Qilichev bu lavozim bilan bir qatorda 2021-yildan buyon O‘zbekistonning Misrdagi elchisi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Norvegiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgandi.