Yangiliklar

Prezident 2026-yilda JSTga a’zolikni yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi

O‘tgan yilda erishilgan natijalar va bu yilgi vazifalar muhokama qilindi
Prezident 2026-yilda JSTga a’zolikni yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishda 2025-yili amalga oshirilgan ishlar va 2026-yildagi vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda JSTga a’zolikni yakunlash va muzokaralarni tugatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

O‘tgan yilda JSTga a’zolik bo‘yicha ishchi guruhning ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, 200 dan ortiq savollarga javoblar hamda 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar tashkilot a’zolariga taqdim etildi. Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq raund o‘tkazildi va 2025-yilda 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlandi. Shu bilan JST doirasida kelishuvga erishgan davlatlar soni 33 taga yetdi.

2025-yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST talablari va xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirildi. Xususan, intellektual mulkni ro‘yxatga olish jarayonlari soddalashtirildi, eksport bojlari shaffof mexanizm asosida joriy etildi hamda ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlari belgilash amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, savdo jarayonidagi texnik to‘siqlarni kamaytirish, sanitariya va fitosanitariya sohasini isloh qilish doirasida 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlash talablari bekor qilindi va ro‘yxat 27 foizga qisqartirildi. Taqdimotda oziq-ovqat xavfsizligi hamda savdoni himoya qilish bo‘yicha yangi qonunchilik tashabbuslari ham muhokama qilindi.

Davlat rahbari 2026-yilda JSTga to‘laqonli a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha ishlarni sifatli va tizimli davom ettirish, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni yakunlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekistondagi ayrim xomashyolar eksportiga bojlar joriy etilishidagi ijobiy jihatlari haqida fikr bildirgan edi.