
Qatar Airways’da ishlash uchun 65 nafar o‘zbekistonlik tanlab olinadi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi vakillari Doha shahrida mehnat migratsiyasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.
Qatar mehnat vaziri Ali bin Saeed bilan muzokaralarda tibbiyot, turizm, aviatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida talab yuqori ekani muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda Qatar standartlari asosida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida Qatar Bandlik va Sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillarining O‘zbekistonga tashrifi, idoralararo ishchi guruh tuzish hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha maxsus dastur yaratishga kelishildi.
Qatar davlat bandlik tashkiloti — Jusour bilan muzokaralarda esa 2026-yil sentabr oyida Toshkentda «O‘zbekiston — Qatar mehnat forumi»ni o‘tkazish rejalashtirildi. Forumda 50 dan ortiq ish beruvchi qatnashadi.
Qatar Airways vitse-prezidenti Fathi Atti bilan uchrashuvda may–iyun oylarida aviatsiya sohasi uchun 65 nafar nomzodni tanlab olishga kelishildi. Ular bort kuzatuvchisi, muhandis va aeroport xodimi sifatida yuqori maoshli ishlarga joylashtiriladi.

Shuningdek, kelajakda uchuvchilik, mexanika, elektrotexnika va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha 1 600 nafar oliy ma’lumotli mutaxassisni ishga jalb qilish loyihasi ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonlik shifokor va quruvchilar Saudiya Arabistoniga ishga jalb etilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro standartlar asosida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Nomzodlar Saudiya kompaniyalarida ishlash uchun majburiy bo‘lgan malaka imtihonlarini topshiradi.