
Qozog‘istonning Ust-Kamenogorsk shahrida joylashgan metallurgiya majmuasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa Kazsink kompaniyasiga tegishli ishlab chiqarish hududida yuz bergan. Bu haqda Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, portlash oqibatida bir necha kishi jarohat olgan va ular shifoxonaga yetkazilgan. Kompaniya esa ikki nafar xodim halok bo‘lganini hamda yana bir necha kishi jabrlanganini tasdiqladi.
Dastlabki ma’lumotlarda keltirilishicha, changni ushlash qurilmasida nosozlik yuzaga kelib, portlashdan so‘ng yong‘in chiqishi va ayrim konstruksiyalarning qisman qulashiga sabab bo‘lgan.
Kompaniya hodisa ishlab chiqarish jarayonida, xususan, uskunalarni tozalash vaqtida sodir bo‘lganini bildirgan. Voqeaning aniq sabablari va tafsilotlari maxsus tekshiruv yakunida ma’lum qilinadi.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, chang chiqindisi qayd etilgan bo‘lsa-da, xavfli moddalarning me’yoridan ortiq tarqalishi aniqlanmagan. Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda portlash zarbasi oqibatida yaqin atrofdagi uylarning oynalari singani va yong‘in kelib chiqqani haqida yozgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hindistonda zavod portlashi oqibatida 23 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.