
Janubiy Koreyada Samsung kompaniyasining marhum rahbari Li Kun Xi oilasi rekord miqdordagi meros solig‘ini to‘lashga majbur bo‘ldi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ular umumiy hisobda qariyb 12 trillion von, ya’ni taxminan $8 milliard miqdorida soliq to‘lagan.
Li Kun Xi 2020-yilda vafot etganidan so‘ng uning aktivlari 26 trillion von ($17,8 milliard) atrofida baholangan. Ushbu meros tarkibiga aksiyalar, ko‘chmas mulk hamda qimmatbaho san’at asarlari kirgan. Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, meros solig‘i stavkasi juda yuqori bo‘lib, ayrim hollarda mulkning qariyb yarmigacha yetadi.
Shu sababli oilaga soliqni to‘liq to‘lash uchun 6 yil muddat berilgan. Ushbu davr mobaynida ular davlatga san’at kolleksiyasining bir qismini topshirgan, shuningdek, kompaniyadagi aksiyalarining bir qismini sotishga majbur bo‘lgan.
To‘langan soliq miqdori mamlakat tarixidagi eng yirik ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, hatto Janubiy Koreyada bir yil davomida yig‘iladigan meros solig‘i tushumlaridan ham sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung kompaniyasining foydasi birinchi chorakda 750 foizdan oshgani haqida yozgandi.