
Telegram asoschisi Pavel Durovning bayonotidan so‘ng Toncoin kriptovalyutasi narxi ikki kun ichida 53 foizga oshib, $2 ga yetdi. Bu haqda CoinMarketCap xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Toncoin kapitalizatsiya bo‘yicha dunyodagi eng yirik 20 ta kriptovalyuta qatoriga kirib, 18-o‘rinni egalladi.
Kriptovalyutaning kunlik savdo hajmi $120 mln dan $929 mlngacha oshgan. Bozor qiymati esa $5,4 mlrdni tashkil qilmoqda.
$2 narx Toncoin uchun so‘nggi besh oydagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Oxirgi marta bunday narx 2025-yil noyabr oyida qayd etilgan edi.
Pavel Durov 4-may kuni TON tarmog‘idagi komissiyalar deyarli nol darajagacha tushganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, bu ekotizim rivojlanishining yangi bosqichini boshlaydi.
Shuningdek, Telegram TON Foundation o‘rniga loyiha rivojidagi asosiy kuchga aylanishi va tarmoqdagi eng yirik validatorlardan biri bo‘lishni rejalashtirmoqda.
Yaqin haftalarda ton.org sayti yangilanadi, dasturchilar uchun yangi vositalar va tizim tezligini oshiruvchi funksiyalar ishga tushiriladi.
Toncoin — The Open Network blokcheynining kriptovalyutasi hisoblanadi. Loyiha dastlab Telegram jamoasi tomonidan yaratilgan, keyinchalik esa mustaqil dasturchilar hamjamiyatiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Durov Telegram’ni bloklashni qiyinlashtirishga va’da bergandi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyada 65 mln foydalanuvchi hanuz Telegramʼdan har kuni foydalanadi, shundan 50 mln kishi muntazam xabar almashadi. Bu esa cheklovlarga qaramay platforma ommabopligini saqlab qolayotganini koʻrsatadi.