
Volkswagen Golf R 24H modeli rasmiy ravishda taqdim etildi va u brend tarixidagi eng ekstremal Golf sifatida baholanmoqda. Bu haqda Motor1 nashri xabar berdi.
Yangi avtomobil ayniqsa Germaniyadagi mashhur Nürburgring trassasida o‘tkaziladigan poygalar uchun tayyorlanmoqda.

Ushbu loyiha Volkswagen tomonidan Max Kruse Racing jamoasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, R seriyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan.

Yangi Volkswagen Golf R 24H tashqi ko‘rinishi bilan oddiy Golf modellaridan keskin farq qiladi. Unda kengaytirilgan kuzov, katta aerodinamik spoyler, old qismda yirik splitter, kuchaytirilgan diffuzor va g‘ildirak kamarlarining kengaytirilgan dizayni mavjud. Orqa qismida esa poyga talablariga mos ravishda yengillashtirilgan panel o‘rnatilgan.

Avtomobilning texnik qismi haqida aniq ma’lumotlar to‘liq oshkor etilmagan bo‘lsa-da, dizayn elementlari uning ichki yonuv dvigateli asosida ishlab chiqilganini ko‘rsatadi. Kapotdagi havo kirish joylari va yon tomondagi chiqindi tizimi kuchli sovutish tizimiga ega motor ishlatilayotganidan dalolat beradi.
Volkswagen Golf R 24H hozircha kontsept-kar sifatida taqdim etilgan, biroq Volkswagen uni to‘liq poyga avtomobiliga aylantirish ustida ishlamoqda. Kompaniya ushbu modelni eng jozibali Golf R deb atagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen yangi Scout Traveler modelini bozorga tayyorlayotgani haqida yozgandi.