Yangiliklar

Xorazm, Toshkent va Qoraqalpog‘istonda pora talab qilgan mansabdorlar ushlandi

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda mansabdor shaxslar ushlandi
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir qator hududlarda ishga qabul qilish, ruxsatnoma berish va nafaqa tayinlashdagi noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi kichik inspektori fuqaroni tizimga ishga kiritib qo‘yish evaziga $4,5 ming talab qilgan. U kelishilgan puldan $1,8 ming va 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim bo‘limi metodisti xususiy bog‘cha faoliyati uchun sanitariya va yong‘in xavfsizligi ruxsatnomalarini olib berishni va’da qilib, 1,5 mln so‘m hamda $200 talab qilgan. Tadbir davomida ushbu $200 ni metodistdan olayotgan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektori ham ushlangan.

Foto: Telegram-kanal / ХAVFSIZLIK

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida yashovchi ayol boshqa fuqaroning ish stajini ko‘paytirib, nafaqa tayinlab berish evaziga 7 mln so‘m olayotganda qo‘lga tushgan.

U ushbu harakatni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida ishlovchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda kadastr bo‘limi rahbari 2 ming dollar pora bilan ushlangani haqida xabar bergan edi.