
O‘zbekistonda yuqori texnologik tibbiyot markazlarini tashkil etish uchun tadbirkorlarga $200 million miqdorida imtiyozli kredit liniyasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident farmonida keltirib o‘tildi.
Yangi qarorga asosan, «O‘zmilliybank» AJ tomonidan $200 million miqdorida imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Ushbu mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlaridan tashqari tuman va shaharlar, shuningdek, chegara hududlarida zamonaviy klinikalar qurish uchun ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan taqdim etilib, yillik foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan 3 foiz band yuqori bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha tashabbuskorlariga boshqa tijorat banklari orqali ham kredit ajratish imkoniyati beriladi. Klinikalarni barpo etgan tadbirkorlar uchun esa Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi hisobidan kredit foizining 50 foizi miqdorida kompensatsiya to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, tashkil etilgan klinikalar 3 yil ichida milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishi shart bo‘ladi. Aks holda ularning faoliyatiga qo‘yilgan talablar qayta ko‘rib chiqiladi.
Hududlardagi aholi ehtiyoji, kasallanish darajasi va tibbiy xizmat talabidan kelib chiqib, klinikalarni joylashtirish va ularning yo‘nalishlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydi.
Bundan tashqari, mahalliy hokimliklarga klinikalar qurilishi uchun yer maydonlarini ajratish, ularni e-auksion orqali savdoga chiqarish hamda muhandislik tarmoqlariga ulanishda ustuvorlik berish vazifasi yuklatildi.
Tajriba tariqasida 2027-yildan Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy muassasalarni rekonstruksiya qilish va qurish ishlari ham xususiy sektor ishtirokida amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlar o‘z mablag‘i hisobidan qurilish ishlarini bajaradi, loyiha yakunida esa belgilangan tartibda ularga to‘lov amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Davlat budjeti hisobidan xususiy klinikalarda ham tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.