Mashhurlar

Yulduz Usmonova konserti ayrim siyosatchilar reytingini oshirishga xizmat qildi — prodyuser

Teatr ma’muriyati barcha tomoshabinlarga chiptalar uchun pul qaytarilishini e’lon qildi
Foto: O‘ng tomonda Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga nomzod Bryus Bleykman, chap tomonda Yulduz Usmonova

AQShning Nyu-York shahridagi Brighton Beach hududida o‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonova ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Gothamist nashrida siyosatchilar va tadbir tashkilotchilarining fikrlari keltirib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, namoyishlardan so‘ng konsert dasturi bekor qilingandi. Onalar kuni munosabati bilan Oceana teatrida o‘tishi kerak bo‘lgan tadbir uchun chiptalar oldindan to‘liq sotilganiga qaramay, so‘nggi pallada o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Mazkur qarorga mahalliy siyosatchilar, xususan, Nassau okrugi ijrochi rahbari hamda Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga nomzod Bryus Bleykman boshchiligidagi guruhning noroziligi sabab bo‘ldi. Ular xonandaning avvalgi chiqishlari va ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlarini tanqid qilib, ularni yahudiylarga nisbatan haqoratli va xavfli deb baholadi. Bleykman va uning tarafdorlari teatr oldida norozilik namoyishi o‘tkazib, konsertni bekor qilishni talab etgan.

Natijada teatr ma’muriyati tadbirni bekor qilishga qaror qildi va barcha tomoshabinlarga chiptalar uchun pul qaytarilishini e’lon qildi. Bleykman bu qarorni nafratga qarshi qat’iy choralar sifatida baholadi.

Xonanda Yulduz Usmonova esa Instagram’dagi murojaatida unga qarshi tanqidlar uning Isroil siyosatini ochiq tanqid qilgani bilan bog‘liq ekanini aytdi. U o‘z pozitsiyasidan qaytmasligini bildirib, zo‘ravonlikka qarshi ekanini ta’kidladi hamda Falastin masalasida fikr bildirishda davom etishini ma’lum qildi.

Nyu-Jersida faoliyat yurituvchi tadbir tashkilotchisi, prodyuser Asiya Burgos esa vaziyatni siyosiylashtirilgan deb baholadi. Uning aytishicha, aslida o‘zbek diasporasi uchun tashkil etilgan madaniy tadbir siyosiy manfaatlar yo‘lida vositaga aylantirilgan. U ayrim siyosatchilar ushbu holatdan o‘z reytingini oshirish uchun foydalanayotganini ham ta’kidladi.

«Ular qilgan ishidan mamnun emasmiz», – dedi u intervyuda. Burgosning fikricha, Bleykman va mahalliy amaldorlar konsert atrofida shov-shuvni o‘z ovozlarini oshirish uchun ko‘targan. «Ular uning (Yulduz Usmonova) so‘zlaridan ranjigan, buni tushunaman, balki biroz keskin ham bo‘lgandir. Ammo nega aynan hozir bu masalani ko‘taryapsizlar?» – deydi u. «Bularning barchasi o‘zini reklama qilish uchun qilinyapti», deya qo‘shimcha qildi u Bleykman haqida.

Voqea fonida yana bir muhim jihat ayrim mahalliy siyosatchilar xonandaning AQShga kirish vizasini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Bu esa bahslarni yanada kuchaytirgan.

Shu bilan birga, Brighton Beach hududi postsovet diasporasi ko‘p yashaydigan maskan bo‘lib, siyosiy jihatdan ham muhim hudud sanaladi. Shu sababli bunday voqealar nafaqat madaniy, balki siyosiy kontekstda ham katta rezonans keltirib chiqarmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yulduz Usmonova 11-may kuni Vashington shahridagi Trump Kennedy Centerda konsert berishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan konsert dasturi atrofidagi ziddiyatlar fonida Yulduz Usmonova Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali videomurojaat yo‘llab, chiptalar to‘liq sotilganini ta’kidladi va uzr so‘rash talabini qat’iyan rad etgani haqida yozgandi.