
O‘zbekistonda obunachilar soni uch milliondan ortiq 6 nafar Top-blogerlar budjetga 110 mln so‘mdan ortiq soliq to‘lagan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, sohadagi eng faol 110 nafar bloger faoliyati tahlil qilingan. Ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, yana 22 nafari oddiy jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.
Qo‘mita bu holat blogerlar faoliyatining haqiqiy ko‘lami bilan ularning rasmiy huquqiy maqomi o‘rtasida nomutanosiblik mavjudligini ko‘rsatishini qayd etdi.
Shuningdek, 3 milliondan ortiq obunachilarga ega 6 nafar Top-bloger faoliyati ham alohida o‘rganilgan. Tahlillarga ko‘ra, ular 2025-yil davomida 360 ta storis va 184 ta reklama posti joylashtirgan.
Rasmiy hisobotlarga asosan, ushbu blogerlarning jami daromadi 2,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Budjetga esa 110,4 million so‘m soliq to‘langan.
Uchrashuvda blogerlarga reklama daromadlarini soliqqa tortish tartibi tushuntirildi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi, biroq ayrim blogerlar administrator va yordamchilarni jalb qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, blogerlarning soliq bo‘yicha huquqiy savodxonligini oshirish va tushuntirish ishlari uchun maxsus o‘quv tadbirlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda xonandalar qancha soliq to‘lagani haqida yozgandi.