Yangiliklar

Davlat tibbiyot muassasalari uchun litsenziya olish majburiy bo‘ladi

Litsenziya olish jarayoni uchun ma’lum muddatlar ham belgilandi
Davlat tibbiyot muassasalari uchun litsenziya olish majburiy bo‘ladi / Foto: Pexels.com

Davlat tibbiyot muassasalari faoliyatini yagona tartib asosida nazorat qilish maqsadida ular uchun majburiy litsenziyalash tizimi joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalariga litsenziya berish hamda ularda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, davlat tibbiyot muassasalari uchun litsenziya olish majburiy etib belgilandi.

Belgilangan muddatlarga muvofiq, respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari 2027-yil 1-aprelga qadar, hududiy darajadagi muassasalar 2028-yil yakuniga qadar, tuman va shahar darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari esa 2030-yil yakuniga qadar litsenziya olishi shart bo‘ladi.

Shuningdek, 2028-yil 1-apreldan boshlab Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tibbiy xizmatlar xaridi bo‘yicha shartnoma tuzish uchun xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish talabi joriy etiladi. Unga ko‘ra, milliy yoki Sog‘liqni saqlashda sifat bo‘yicha xalqaro jamiyat — ISQua tomonidan akkreditatsiyadan o‘tmagan respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan shartnoma tuzish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-apreldan tibbiy faoliyatni litsenziyalash jarayonida tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydigan yagona talab va standartlarga moslashtirish majburiy bo‘ladi. Mazkur tizimlar Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga bepul integratsiya qilinadi va ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi maxsus koll-markaz va Feedback tizimini ishga tushirilishi haqida yozgan edik.