
Atlantika okeanida harakatlanayotgan MV Hondius kruiz kemasida hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi va yana bir necha kishi kasallandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus mazkur vaziyat dunyo uchun jiddiy xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kemada jami 149 kishi bo‘lgan va hozirgacha sakkizta kasallanish holati kema bilan bog‘liqligi tasdiqlangan. Hantavirus o‘pka va buyraklarning og‘ir shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lib, infeksiya oqibatida o‘lim darajasi 40 foizgacha yetishi mumkin.

Aksariyat hantaviruslar kemiruvchilardan yuqadi, ammo kemada aniqlangan Andes shtammi odamdan odamga o‘tish xususiyatiga ega. Janubiy Afrikadagi Milliy yuqumli kasalliklar instituti mutaxassisi Lyusil Blumberg holatni izohladi.

«Bu koronavirus yoki gripp emas, bu yopiq muhitda odamdan odamga yuqishning noodatiy holati».

Andes virusining yashirin davri uzoq bo‘lgani sababli, kema yo‘lovchilari kamida 45 kun davomida tibbiy nazoratda bo‘ladi. Ushbu shtamm ishtirokidagi so‘nggi yirik epidemiya 2018-yilda Argentinaning Epuyen qishlog‘ida ro‘yxatga olingan va o‘shanda 11 kishi halok bo‘lgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kruiz kemasida hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi vafot etgani haqida xabar bergan edi.