
Internetda «Mortal Kombat 2» filmi uchun dastlabki taqrizlar e’lon qilindi. Sikvel birinchi qismga qaraganda yaxshiroq baholandi. Kino kartina 8-may kuni AQShda prokatga chiqadi.
Film Metacritic tizimida 50 ball, Rotten Tomatoes bo‘yicha esa 75 foiz ijobiy baho oldi. Tanqidchilar asosan asarning syujetini salbiy baholab, voqealar rivoji bir joyda qotib qolganini ta’kidlashmoqda.
Biroq, ba’zi taqrizchilarga Karl Urban ijrosidagi yangi qahramon — Jonni Keyj manzur kelgan. The Wrap nashri xabariga ko‘ra, u film davomida bosqichma-bosqich ochilib boradigan sanoqli personajlardan biridir. Jang sahnalarining sahnalashtirilishi kuzatuvchilarda asosan ijobiy taassurot qoldirdi.
Mutaxassislar filmning qonli sahnalarga boy ekanini, janglarning xilma-xilligi va xoreografiyasi yuqori darajada ishlanganini qayd etishdi. Shuningdek, kinoda o‘yin muxlislari uchun ko‘plab maxsus detallar kiritilgani, qahramonlarning harakatlari ko‘pincha kompyuter o‘yinlaridagi kombinatsiyalarga ishora qilishi aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maykl Jekson haqidagi film $97 mln tushum bilan rekord o‘rnatgani haqida xabar bergan edi.
