Yangiliklar

Nikolya Sarkozi «Bigmalion» ishi bo‘yicha shartli ozod etildi

Fransiyaning sobiq prezidenti endi elektron bilaguzuk taqmaydi, qaror uning yoshini inobatga olgan holda qabul qilindi
Nikolya Sarkozi / Foto: Anne-Christine POUJOULAT / AFP

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi saylov kampaniyasini moliyalashtirishga oid «Bigmalion» ishi doirasida muddatidan avval shartli ravishda ozod qilindi. Bu haqda RTL radiostansiyasi xabar bermoqda.

Siyosatchining o‘zi jazo muddatini o‘tash tartibini yumshatishni so‘ragan edi. Parij sudi 5-may kungi qarori bilan mazkur so‘rovni qanoatlantirdi. Natijada sobiq prezident avval belgilanganidek elektron bilaguzuk taqishdan ozod etildi.

«Bigmalion» Sarkozining 2012-yildagi saylov kampaniyasiga xizmat ko‘rsatgan PR-agentlik hisoblanadi. 2021-yilning kuzida siyosatchi o‘z kampaniyasini mazkur agentlik ishtirokida noqonuniy moliyalashtirganlikda aybdor deb topilgan edi.

Dastlab Sarkozi bir yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, keyinroq esa u yarim yillik qamoq jazosiga qisqartirilib, ozodlikdan mahrum qilishni elektron bilaguzuk taqish bilan almashtirish imkoniyati berilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiya sudi Nikolya Sarkoziga nisbatan ikkinchi hukmni tasdiqlagani haqida xabar bergan edi.