
Toshkent viloyatida Nurafshon – Piskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishiga rasman start berildi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xabar berdi.
Qurilish ishlarining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir O‘rtachirchiq va Bekobod tumanlarida tashkil etildi. Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbariyati, soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Loyiha doirasida to‘rtta temir yo‘l bekati, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik va bitta nim tortish stansiyasi barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘nalish avtomobil va temir yo‘l kesishmalarisiz loyihalashtirilgani, aholi yashash hududlarini chetlab o‘tishi hamda ekologik ta’sirni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Qurilish ishlari bir vaqtning o‘zida Nurafshon va Bekobod tomonlardan boshlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Baytqo‘rg‘on — Parkent yo‘nalishida elektrlashtirilgan temiryo‘l qurilishi yakuniga yetkazilgani haqida yozgandi.