Yangiliklar

Oylik maosh 1700 dollargacha: Yaponiyada ayollar uchun bepul grant dasturi e’lon qilindi

Hamshiralik sohasi vakillariga ustunlik beriladi
Oylik maosh 1700 dollargacha: Yaponiyada ayollar uchun bepul grant dasturi e’lon qilindi / Foto: Work.boworld.co

Yaponiyada parvarishlash sohasida ishlash istagidagi ayollar uchun bepul ta’lim va ishga joylashish imkonini beruvchi grant dasturi ishga tushirildi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Agentlik hamda Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi hamkorligida ayol va qizlar uchun parvarishlash sohasida ishlash imkoniyati taklif etilmoqda. Dastur doirasida Toshkent shahrida 6 oy davom etadigan o‘quv kurslari tashkil etiladi va ta’lim mutlaqo bepul grant asosida amalga oshiriladi.

Dasturda 18–35 yosh oralig‘idagi nomzodlar ishtirok etishi mumkin bo‘lib, hamshiralik sohasi vakillariga ustunlik beriladi. O‘qish davomida ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarga ega turar joy ham ta’minlanadi.

Shuningdek, dastur doirasida yapon tilini noldan o‘rganish imkoniyati yaratiladi. Viza rasmiylashtiruvi va Yaponiyada ishga joylashish jarayonlari ham bepul amalga oshiriladi. Yaponiyada ish boshlagach, ishtirokchilar xizmat uyi bilan ta’minlanadi, ijara xarajatlarining asosiy qismi kompaniya tomonidan qoplanadi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oylik ish haqi $1600–$1700 ni tashkil etadi. Bundan tashqari, ish vaqtidan tashqari bajarilgan qo‘shimcha ishlar uchun alohida to‘lov (overtime) ham to‘lanadi. Dastur bo‘yicha o‘qish 2026-yil 1-iyunda boshlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya transport va logistika sohasida ish o‘rinlari taklif etilgan edi.