Yangiliklar

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Irlandiyada ham vakil etib tayinlandi

Elchining qarorgohi London shahrida joylashgan
O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Irlandiyada ham vakil etib tayinlandi / Foto: Uzbekembassy.com.my

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov endi qo‘shimcha ravishda Irlandiyada ham elchi vazifasini bajaradi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Irlandiya prezidenti Ketrin Konnolli Ravshan Usmonovdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Irlandiya prezidenti O‘zbekiston bilan munosabatlar izchil rivojlanib, har tomonlama kengayib borishiga qat’iy ishonch bildirdi. Shuningdek, u Shavkat Mirziyoyevga ham samimiy va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Usmonov 2023-yil 14-noyabrdan Buyuk Britaniyadagi elchilik faoliyatini boshlagan. 2024-yil 16-may kuni u Buyuk Britaniya qiroli Karl IIIga ishonch yorliqlarini topshirgan. 2025-yil fevral oyida esa Islandiya prezidenti Xalle Tomasdottirga O‘zbekistonning birinchi elchisi sifatida ishonch yorliqlarini taqdim etgan. 2025-yil iyun oyida esa u Irlandiya Tashqi ishlar vazirligiga ishonch yorliqlari nusxalari topshirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Irlandiya mamlakatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1997-yil 7-noyabrda o‘rnatilgan.

Ravshan Usmonov Londonda «Manchester Siti» futbol klubi himoyachisi, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov bilan ham uchrashgan. O‘shanda elchi Husanov bilan kelajakdagi rejalar va o‘zbek futbolining rivoji masalalarini muhokama qilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Misrdagi elchisini Jazoirda ham vakil etib tayinlagan edi.