
Samsung kompaniyasi navbatdagi Galaxy Ring 2 aqlli uzugining taqdimotini joriy yilda emas, balki kelasi yilning boshida o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Etnews nashri xabar bermoqda.
Aslida ushbu texnologik yangilik joriy yilning ikkinchi yarmida namoyish etilishi kutilgan edi. Dastlabki reja o‘zgarganiga qaramay, ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatiga e’tiborni kuchaytirmoqda.
Yangi avlod modelining ichki qismlari optimallashtirilib, qalinligi va vazni qisqartiriladi. Shu bilan birga, batareyaning ishlash muddati oldingi 7 kundan 9–10 kungacha uzaytirilishi kutilmoqda. Shuningdek, tana harorati datchigi, uyqu tahlili va yurak-qon tomir tizimi ko‘rsatkichlarini o‘lchash aniqligi ham sezilarli darajada yaxshilanadi.

Shu bilan birga, qon tarkibidagi qand miqdorini invaziv bo‘lmagan usulda o‘lchash texnologiyasini zudlik bilan joriy etish imkonsizligi aytilmoqda. Bunga me’yoriy tasdiqlar va o‘lchash aniqligi bilan bog‘liq texnik jarayonlar sabab qilib ko‘rsatilgan.
Kelgusida Samsung kompaniyasi o‘zining aqlli uzugi va Galaxy Watch soatini Galaxy AI hamda Samsung Health tizimlari bilan birlashtirib, keng qamrovli shaxsiy salomatlik platformasini yaratishni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 uchun One UI 8.5 yangilanishi chiqarilgani haqida xabar bergan edi.