Yangiliklar

Shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi

Poytaxt bilan bog‘liq ayrim hududlarda yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi
Shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish va xizmat sifatini oshirish ishlari yuzasidan Shavkat Mirziyoyevga taqdimot amalga oshirildi. Unda shahar jamoat transportining yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, oxirgi uch yilda poytaxt va viloyat markazlariga 2650 ta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, brutto-shartnoma asosida 279 ta muntazam yo‘nalish yo‘lga qo‘yildi.

Natijada har kuni yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslar soni 3 ming 150 taga yetdi. Kunlik qatnovlar soni 2022-yildagi 18 mingdan 45,2 mingtagacha, yo‘lovchilar oqimi esa 900 mingdan 2,3 mln nafargacha oshdi. Shu jarayonda 4,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jamoat transportini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalar

Urbanizatsiya jarayonlari tezlashgani va shahar atrofi hududlarida aholi harakati ortgani sababli shaharlarga kirish yo‘nalishlarida transport oqimi 30 foizga oshgani qayd etildi. Shu munosabat bilan jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, shahar atrofi 12 kilometrgacha bo‘lgan hududlarni qamrab oluvchi avtobus yo‘nalishlarini brutto-shartnoma tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Poytaxt bilan bog‘liq ayrim hududlarda avtomobil oqimini kamaytirish maqsadida yangi yo‘nalishlar tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, poytaxt va viloyat markazlarida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Taqdimotda jamoat transporti tizimini raqamlashtirish, jumladan sun’iy intellekt asosida yo‘lovchi oqimiga mos harakatni tashkil etish, shuningdek, «elektropoyezd–avtobus» va «elektropoyezd–metro» kabi yagona tarif tizimlarini joriy etish taklif qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent avtobuslarida konditsionerlar 7-maydan ishga tushishi haqida xabar qilgan edik.