
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Xunan provinsiyasidagi sanoat korxonasida sodir bo‘lgan halokat munosabati bilan davlat rahbariga rasmiy hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Xitoy yetakchisi Si Szinpinga yo‘llagan murojaatida fojia oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohat olganidan chuqur taassufdaligini qayd etdi. Prezident marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat tilab, jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Xinhua nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Xunan provinsiyasidagi pirotexnika zavodida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan, yana 61 kishi turli darajadagi tan jarohati olgan. Hodisa Liuyan shahridagi Huasheng Fireworks korxonasida yuz bergan.
Portlashdan keyin hududda keng ko‘lamli qutqaruv ishlari olib borildi. Xitoy hukumati favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun 1,5 mingdan ortiq qutqaruvchi, maxsus texnikalar, dronlar, robotlar va xizmat itlarini jalb qilgan. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davomida vayronalar ostidan yetti kishi tirik olib chiqilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident 2026-yilda JSTga a’zolikni yakunlash bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.