Yangiliklar

Taqiqlangan materiallarni oson tekshirish uchun Telegram bot ishga tushirildi

Ayni paytda taqiqlangan resurslar soni 1837 tani tashkil etmoqda
Telegram bir kunda 104 mingdan ortiq kanal va guruhlarni blokladi
Taqiqlangan materiallarni oson tekshirish uchun Telegram bot ishga tushirildi / Foto: Dima Solomin / Unsplash

Fuqarolar uchun diniy mazmundagi materiallar va rasmiy ma’lumotlarni tezkor tekshirish imkonini beruvchi yangi Telegram bot ishga tushirildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lum qildi.

Endilikda @dinuzbbot maxsus chat boti orqali diniy mazmundagi materiallarning holati haqida tezkor va qulay tarzda xabardor bo‘lish mumkin. Tizim taqiqlangan yoki ruxsat etilgan kontent bo‘yicha ochiq ma’lumotlarni taqdim etishga xizmat qiladi.

Botning Taqiqlangan profillarni tekshirish bo‘limi orqali Oliy sud qaroriga asosan taqiqlangan ijtimoiy tarmoq profillari haqida ma’lumotlar beriladi. Unda profil nomi, ijtimoiy tarmoq, xulosa va izoh kabi ma’lumotlar aks ettiriladi.

Diniy adabiyotlarni tekshirish bo‘limida esa adabiyot nomi, muallif, nashriyot, chop etilgan sanasi hamda dinshunoslik ekspertizasi xulosasi taqdim etiladi. Bu bo‘lim foydalanuvchilarga diniy adabiyotlar bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni aniqlashtirish imkonini beradi.

Foto: Telegram botdan olindi

Taqiqlangan shaxs va tashkilotlar bo‘limida ekstremistik va terroristik tashkilotlar, shuningdek taqiqlangan shaxslarga doir ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari, Huquqiy va diniy kanallar bo‘limi orqali tasdiqlangan axborot manbalariga tezkor kirish mumkin. Huquqiy hujjatlar hamda umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi litsenziyaga ega tur firmalar haqidagi ma’lumotlar ham mavjud.

2026-yil 6-aprel holatiga ko‘ra, taqiqlangan resurslar soni 1837 tani tashkil etmoqda. Bu 2025-yil 8-yanvar holatiga nisbatan 244 taga ko‘p demakdir. Ushbu ro‘yxatga diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan bog‘liq hamda O‘zbekiston hududida tarqatilishi, saqlanishi yoki namoyish etilishi taqiqlangan materiallar kiritilgan.

Jumladan, Instagramda 121 ta, Telegramda 65 ta, YouTubeda 23 ta, Meta (Facebook)da esa 21 ta manba oshgan. TikTok, Odnoklassniki va boshqa veb-saytlarda o‘sish nisbatan kamroq bo‘lgan, shuningdek, ilk bor Threads platformasida bitta taqiqlangan manba aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq ziyoratchi Hajga borishi haqida xabar qilgan edik.