Yangiliklar

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi

Prezident farmoni bilan
Korrupsiya va noqonuniy qarorlar oqibatida yetkazilgan zararlar qoplanadi
Foto: SI

To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi. 2026-yil 6-may kuni prezidentning «To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. U to‘lovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi maxsus vakolatli organ bo‘ladi.

Agentlik ushbu yo‘nalishda davlat siyosatini amalga oshirish, nazorat va tartibga solishni olib boradi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Farmonda to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va ortiqcha byurokratik tartiblarni soddalashtirish ham belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.

Palata Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tuzilmalar bilan birga sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimi sifatida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 3,9 foizga kamaydi.

MB taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2026-yil yanvar – mart oylarida iqtisodiyotga jami 90 trln so‘m miqdorida kredit yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,1 foiz o‘sish degani (2025-yilning mos davrida o‘sish 53,7 foiz bo‘lgan). Biroq o‘sish faqat yuridik shaxslar hisobiga ro‘y bergan – ularga berilgan kreditlar 18,6 foizga oshgan. Aholi (jismoniy shaxslar) segmentida esa dinamika manfiy ko‘rinish olib, kreditlash hajmi 3,9 foizga qisqargan.