
Poytaxt bo‘ylab jamoat transportlarida sovitish tizimi 7-maydan boshlab bosqichma-bosqich yoqiladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi xabar berdi.
Toshkentda havo haroratining keskin ko‘tarilishi ortidan avtobuslardagi konditsionerlar masalasi yana muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar tomonidan sovitish tizimlari ishlamayotgani yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilgach, mas’ullar vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tashuvchilarga havo harorati +28 darajadan oshganda avtobuslarda konditsionerlarni doimiy ishlatish talabi qo‘yilgan. Salon ichidagi harorat esa +26 darajadan yuqori bo‘lmasligi kerak.
«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi 7-maydan boshlab avtobuslarda konditsionerlar bosqichma-bosqich yoqilishini ma’lum qildi. Shuningdek, sovitish tizimi nosoz bo‘lgan transport vositalari yo‘nalishga chiqarilmasligi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega fuqarolar toifasi kengaytirilishi haqida yozgandi.