Yangiliklar

Xususiy klinikalarga transplantatsiya amaliyotiga ruxsat beriladi

2027-yil 1-maydan
Xususiy klinikalarga transplantatsiya amaliyotiga ruxsat beriladi
Foto: depositphotos

Prezident farmoni bilan 2027-yil 1-maydan milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Bunda xususiy klinikalar inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilish bo‘yicha belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi. Ushbu talablar tibbiy faoliyat litsenziyasining asosiy shartlaridan biri etib belgilanadi.

Shuningdek, transplantatsiya bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati «xavfni tahlil qilish» tizimida yuqori xavfli faoliyat sifatida baholanadi.

Farmonga ko‘ra, transplantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bemorlar va donorlar haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etib boriladi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan Samarqand viloyatida tajriba tariqasida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari binolarini qurish va rekonstruksiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlar obyektlarni o‘z mablag‘i hisobidan quradi, ishlar yakunlangach nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi va obyekt foydalanishga topshirilgandan keyin xarajatlar qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda xatnadan keyin vafot etgan bolalar ishi o‘rganilayotgani haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarda qayd etilishicha, jarrohlik amaliyotlari davomida bir qator tibbiy tartib-qoidalarga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. Xususan, operatsiya oldidan zarur laborator tekshiruvlar o‘tkazilmagani, ayrim tibbiy hujjatlar esa belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagani aytilmoqda.