Yangiliklar

AQSh Eronning porti va shahriga zarba berdi

Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) ushbu hujumni Hormuz bo‘g‘ozida Eron tomonining AQSh harbiy kemalariga uyushtirgan hujumiga javob tariqasida baholadi
Rasm SI yordamida yaratilgan / ndtvprofit.com

AQSh harbiylari Eronning Qeshm orolidagi porti va Bandar-Abbos shahriga zarba berdi. Biroq, AQSh rasmiylari bu harakatlarni mamlakatlar o‘rtasidagi urushning qayta boshlanishi deb hisoblamaydi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Eronning OAVlariga ko‘ra, AQSh zarbalari natijasida Qeshm orolidagi Bahman savdo pirsiga zarar yetgan. Shu bilan birga Eron harbiy-dengiz floti Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta AQSh esminesiga hujum qilgan. Eron tomonining ta’kidlashicha, ushbu chora AQSh harbiylarining Eron neft tankeriga qilgan hujumiga javoban amalga oshirilgan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) o‘z navbatida ushbu zarbalar «o‘zini mudofaa qilish maqsadida» amalga oshirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Hormuz bo‘g‘ozi orqali O‘mon ko‘rfaziga yo‘l olgan uchta AQSh esminesiga Eron kuchlari tomonidan raketalar va dronlar uchirilgan hamda kichik katerlardan o‘q uzilgan. Bunga javoban, AQSh harbiylari tahdidlarni bartaraf etib, Eronning raketa va dron uchirish joylari, qo‘mondonlik va nazorat punktlari hamda razvedka va kuzatuv tarmoqlariga zarba bergan.

Bu to‘qnashuvlar AQSh Eron tomonidan urushni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga javob kutayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Bir kun avval AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida o‘tgan muzokaralarni juda yaxshi deb baholagan edi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Eron va AQSh o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan bo‘lib, keyinroq Tramp bu muddatni bir tomonlama uzaytirgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Eron urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga yaqinlashayotgani haqida xabar bergan edi.