
O‘zbekistonda dam olish kunlari ob-havo o‘zgarib, ayrim hududlarda yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatiladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
9-may kuni hududlarning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroq Buxoro, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 28-33 darajagacha pasayadi.
10-may kuni esa respublikaning ko‘p hududlarida yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatiladi. Havo keskin salqinlashib, kunduzgi harorat 20-25 darajadan oshmaydi.
11-may kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida, shuningdek Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat yana biroz ko‘tariladi.
9-11 may kunlari ayrim hududlarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi. Ba’zi joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin. Tog‘li va tog‘oldi hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi, sel va suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtda ob-havo
Toshkentda harorat 9-mayda 30-32 daraja bo‘ladi. 10-mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi 20-22 daraja bo‘ladi.
11-mayda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 23-25 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi, 9-mayda shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq may oyining boshida qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgan edik.