
Toshkentda 1-apreldan kengaytirilgan naqdsiz to‘lovlar tizimi joriy etilgach, ijara bozorida keskin narx o‘sishi kuzatilmadi. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, aprel oyida poytaxtdagi uy-joylarning o‘rtacha ijara narxi $550 darajasida saqlanib qolgan. Bu ko‘rsatkich mart oyiga nisbatan ham, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ham deyarli o‘zgarmagan.
Bozorda taklif hajmida ham katta tebranish qayd etilmagan. Onlayn platformalardagi ijara e’lonlari soni yanvar–mart oylaridagi o‘rtacha 22,6 mingdan aprel oyida 22,8 mingtaga biroz oshgan.
Shu bilan birga, xonalar kesimida narxlar turlicha shakllangan. Bir xonali uylarning o‘rtacha ijara narxi $400 ni tashkil etib, yillik hisobda 14,3 foizga oshgan. Ikki xonali uylar $550 ga yetib, 10 foiz qimmatlashgan. Uch xonali uylar ijarasi esa $700 gacha tushib, 12,5 foiz arzonlashgan. To‘rt va undan ortiq xonali uylar narxi $850 atrofida shakllanib, yillik hisobda 26,1 foiz pasaygan.
Hududlar kesimida eng qimmat ijara Mirobod tumanida qayd etilgan bo‘lib, o‘rtacha narx $800 ni tashkil qilgan. Shayxontohurda bu ko‘rsatkich $750, Yakkasaroyda esa $700 bo‘lgan. Eng arzon ijara esa Bektemirda — $390, Sergeli va Uchtepada $400 dan kuzatilgan.
Narxlar o‘sishi bo‘yicha Olmazor tumani yetakchilik qilgan — bu yerda ijara 12,5 foizga oshgan. Mirzo Ulug‘bek tumanida esa o‘sish 9,1 foizni tashkil etgan. Premium hududlarda esa aksincha, narxlarning yumshashi kuzatilgan: Shayxontohurda 25 foizga, Mirobodda 11,1 foizga, Yakkasaroyda esa 6,7 foizga pasayish qayd etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, hozircha naqdsiz to‘lovlarga o‘tish ijara narxlarida keskin sakrashga sabab bo‘lmagan. Biroq bozorning to‘liq ta’sirini baholash uchun keyingi choraklardagi tendensiyalarni kuzatish zarur bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxtda ijara narxlari qariyb 11 foizga oshgani haqida yozgandi.