Yangiliklar

Instagram’da yulduzlarning millionlab obunachilari yo‘qoldi

Obunachilar sonining kamayishi oddiy foydalanuvchilarda ham kuzatilmoqda
Foto: Getty Images

Instagram’da mashhur blogerlar va oddiy foydalanuvchilarning obunachilari keskin kamayib ketgani kuzatildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu holatni katta tozalash deb atamoqda, deb yozdi VC.ru nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, platformada o‘n millionlab akkauntlar o‘chirib tashlangan bo‘lishi mumkin. Bu jarayon dunyo yulduzlari auditoriyasiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, Kayli Jenner 15 million, Krishtianu Ronaldu 8 million, Selena Gomez va Ariana Grande 6 milliondan, Jastin Biber esa 5 million obunachisini yo‘qotgan. Blackpink guruhi auditoriyasi ham 10 millionga kamaygan.

Obunachilar sonining kamayishi oddiy foydalanuvchilarda ham kuzatilmoqda. Ayrim mualliflar yuzlab, boshqalari esa o‘n minglab kuzatuvchisidan ayrilganini yozmoqda.

Meta kompaniyasi hozircha bu holat yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Biroq xorijiy OAVlar buni platformadagi soxta, faol bo‘lmagan va sun’iy ravishda ko‘paytirilgan akkauntlarga qarshi olib borilayotgan keng ko‘lamli tozalash bilan bog‘lamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Instagram’ni boshqaradigan Meta kompaniyasi yangi sun’iy intellekt mahsulotini taqdim etgani haqida yozgandi.