
O‘zbekistonda ma’muriy javobgarlik tizimini yanada takomillashtirish, huquqiy normalarni tartibga solish va zamonaviy talablar asosida yangilash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari haqida»gi prezident farmoyishiga muvofiq, ushbu sohadagi qonunchilikni modernizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Unga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi normalarni tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning barqarorligini ta’minlash hamda amaldagi huquqiy bazani tartibga solish asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rsatildi. Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar zamonaviy sharoitlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Farmoyishda, shuningdek, huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasi va jazolarning profilaktik ta’sirini inobatga olgan holda ma’muriy javobgarlik choralarining mutanosibligini ta’minlash, shuningdek, muqobil jazolarni joriy etish orqali tizimni takomillashtirish vazifasi ham belgilangan.
Mazkur farmoyishga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tashkil etildi. Adliya vazirligi ushbu komissiyaning ishchi organi etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari uchun ishonch telefonlari joriy etilishi haqida yozgan edik.