
Maltaning Valletta shahrida 54 davlat ishtirokida o‘tgan Global Startup Awards ko‘rik tanlovida o‘zbekistonliklar «Yil ekotizim qahramoni» va «Yil yashil texnologiyalar startapi» nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Global Startup Awards Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.

Ekspertlar va xalqaro hamjamiyat ovoz berish natijalariga ko‘ra, Peritech startapi asoschisi Raximaxon Nugmanova «Yil ekotizim qahramoni» nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Catextra startapi esa «Yil yashil texnologiyalar startapi» deb topilgan. Catextra – bu to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish bosqichlarini kuzatish platformasi hisoblanadi.

Global Startup Awards startaplar, investorlar va sohaga aloqador vakillarni baholovchi xalqaro platforma hisoblanadi. Unda saralab olingan eng kuchli loyihalar global finalga olib chiqiladi. O‘tgan 2025-yil sentabrida Toshkentda GSA’ning Markaziy Osiyo mintaqaviy finali o‘tkazilgan edi. Unda qatnashgan startaplar aynan xalqaro sahnaga chiqish uchun kurash olib borgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona sanoatiga sun’iy intellekt va startap ekotizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.