
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi 89 ta xorijiy kompaniya 65,7 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 81 foizga ko‘p.
2025-yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 36,2 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Joriy yil boshida eng ko‘p soliq to‘lagan xorijiy kompaniyalar orasida Apple yetakchilik qildi. Kompaniya 16,1 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Keyingi o‘rinlarni Google — 14,9 mlrd so‘m va Meta — 13,9 mlrd so‘m bilan egalladi.
Shuningdek, Valve Corp. 8 mlrd so‘m, OpenAI esa 2,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Top-10 ro‘yxatidan Anthropic, Midasbuy, TikTok, Booking.com va Netflix ham joy oldi.
Qonunchilikka ko‘ra, elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar har chorakdan keyingi oyning 20-kunigacha soliq hisobotlarini topshirishi va soliqlarni to‘lashi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda obunachilar soni uch milliondan ortiq 6 nafar Top-blogerlar budjetga 110 mln so‘mdan ortiq soliq to‘lagani xabar qilingandi.
Unga ko‘ra, sohadagi eng faol 110 nafar bloger faoliyati tahlil qilingan. Ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, yana 22 nafari oddiy jismoniy shaxs maqomida faoliyat yuritmoqda.